Bryussel go'zalliklariga sho'ng'ish
Atomiumni kashf eting — 102 metr balandlikdagi temir kristal panjarasining ulkan nusxasini o'zida mujassam etgan futuristik gigant. U atomning tinch maqsadlarda qo'llanilishini anglatadi, uning har bir to'qqizta sferasi esa Belgiya provinsiyalariga hurmatdir. Atomium ichida sizni kinoteatrlar, ko'rgazma va konsert zallari, shinam qahvaxonalar, sovg'alar do'koni kutib turadi, eng tepasida esa shaharga sehrli panorama ochiladigan restoran joylashgan.
Shaharning yuragi — Grand Plas maydoni, u yerda XV asr gotika san'atining haqiqiy durdonasi bo'lgan shahar hokimiyati binosi qad ko'targan. Uning go'zalligini hokimiyat binosi ro'parasida joylashgan Qirollik uyi to'ldiradi.
Maydon perimetri bo'ylab gilqona uylarining oltin jabhasi yaraqlab turadi. Ulardan birida ko'pik ichimligi dunyosiga chorlovchi Pivo muzeyi o'z panohini topgan.
Grand-Plasdan uncha uzoq bo'lmagan joyda butun dunyoga mashhur "Siydik to'kadigan bola" (Manneken Pis) favvorasi joylashgan. Ajablanarlisi shundaki, bu kichik qahramon ikki mingdan ortiq liboslardan iborat garderobga ega!
Neorenessans uslubida yaratilgan Yevropaning eng qadimgi Muqaddas Yuber galereyasi nafislik shaydolarini o'ziga tortadi. Uning jonli o'tish joylari ko'plab do'konlar, restoranlar va teatrlar bilan bezatilgan.
XIX asrda qirol Uilyam I tomonidan qurilgan muhtasham Qirollik saroyi monarxik hukmronlik ramzidir.
1890 yildagi Parijdagi Butunjahon yarmarkasidan so'ng, Leopold II buyrug'i bilan Xitoy paviloni va Yaponiya minorasi qurilgan bo'lib, ular hozirda bir-birlarining qarshisida turibdi. Dastlab qirollik oilasi uchun restoran sifatida o'ylangan Xitoy paviloni oxir-oqibat Savdo muzeyiga aylandi, uning zallari hashamatli Xitoy motivlari bilan bezatilgan va u yerda Xitoy chinni buyumlarining ajoyib kolleksiyasi taqdim etilgan. An'anaviy yapon texnologiyasi bo'yicha deyarli birorta mixsiz qurilgan Yaponiya minorasi yapon rassomlari va fotosuratchilarining asarlari uchun ko'rgazma maydoni bo'lib xizmat qiladi.
Rene Magritt muzeyi ushbu atoqli rassomning eng keng ko'lamli asarlari to'plamini taqdim etib, sizni syurrealizm dunyosiga chorlaydi.
"Mini-Yevropa" bog'ida siz bir necha soat ichida 80 Yevropa shaharlari bo'ylab qiziqarli sayohat qilishingiz va mashhur binolarning 350 ta miniatyura nusxalariga qoyil qolishingiz mumkin.
"Avtomir" muzeyiga tashrif buyurib, dunyodagi eng yaxshi vintage avtomobillar kolleksiyalaridan birini ko'ring, jumladan Belgiya qirollik oilasiga, shuningdek Franklin Ruzvelt va Jon Kennedi kabi afsonaviy shaxslarga tegishli eksponatlarni tomosha qiling.
Rohatlaning va ilhom oling
Neo-gotika elementlari bilan art-deko uslubida ishlangan Muqaddas Yurak bazilikasi kuzatuv maydonchasidan Bryusselga hayratlanarli panorama ochiladi.
Kakao va shokolad muzeyiga tashrif buyurib, lazzat va tarix olamiga sho'ng'ing, u yerda siz nafaqat haqiqiy Belgiya shokoladini tatib ko'rishingiz, balki uni yaratishning barcha sirlarini ham bilib olishingiz mumkin.










