Ekvadorning ulug‘vor poytaxti Kito mamlakatning shimolida, go‘zal And tog‘larida, dengiz sathidan 2800 metrdan ortiq balandlikda joylashgan. Bu shahar Janubiy Amerikaning eng go‘zal shaharlaridan biri bo‘lib, XVI asrda ispan konkistadorlari tomonidan qadimgi hind davlatining vayron bo‘lgan poytaxti o‘rnida bunyod etilgan.
Kito ko‘p qirrali va hayratlanarli; bu yerda turli davrlar va an'analar uyg‘unlashgan. Tabiiy bobiq yerda joylashgan shahar tepaliklar orqali noyob qismlarga bo‘lingan. Markaziy qismi o‘zining ajoyib mustamlaka me'morchiligi bilan sayohatchilarni jalb qilib, Ekvadorning boy o‘tmishini eslatadi. Shimoliy qism zamonaviy binolar, yirik biznes markazlari va nufuzli turar-joy massivlaridan iborat. Shaharning janubiy qismi sanoatlashgan deb ta'riflanishi mumkin.
Kito tarixiy markazi YuNESKOning Butunjahon madaniy merosi ro‘yxatiga kiritilgan dastlabki obyektlardan biridir. Bu joy keng maydonlar, tor mustamlaka ko‘chalari, ulug‘vor monastirlar va hashamatli barok cherkovlari, villalar va qizil cherepitsa tomli shinam uylarga boy. Kito muzeylari va ibodatxonalari san'at ixlosmandlarini turli davrlardagi asarlari: rang-tasvir asarlari, haykaltaroshlik namunalari, nafis dekorativ buyumlari bilan hayratga soladi. Havodan g‘ayrioddiy panoramani tomosha qilish uchun aerotramvayda (TeleferiQo) sayohat qilish mumkin. Uning kabinalari shahar markazidan Kito joylashgan Pikinch vulqoniga qarab sim orqali harakatlanadi.
Diqqatga sazovor joylar:
Yetti Xoch ko‘chasi — shahardagi eng qadimgi, ko‘plab qadimiy cherkovlar bilan bezatilgan ko‘cha.
San-Fransisko cherkovi (Iglesia de San Francisco) — ulug‘vor qadimiy ibodatxona (1536 y.) va ispanlar tomonidan Janubiy Amerika hududida qurilgan eng yirik me'moriy yodgorlik.
La Kompania-de-Xesus cherkovi — Kito ning eng hashamatli barok uslubidagi ibodatxonasi. Uning qurilishi XVII asr boshlarida iezuitlar ordeni tomonidan boshlangan va XVIII asrning ikkinchi yarmida yakunlangan.
Ekvador madaniyat va ta'lim markazi (Casa de la Cultura Ecuatoriana) — jamoatchilik e'tiboriga turli xil ko‘rgazmalar, teatr sahnalari, kinofilm namoyishlarini va boshqalarni taklif etadi.
Mustamlaka san'ati muzeyi — 1926 yilda tashkil etilgan bo‘lib, rang-tasvir, haykaltaroshlik va mustamlaka davrining ichki bezatish buyumlarining boy kolleksiyalarini taqdim etadi.
Arxeologiya va etnografiya muzeyi — uning ekspozitsiyasi Kolumbgacha bo‘lgan davrning san'at asarlari ta'sirchan kolleksiyasini o‘z ichiga oladi.
La Ronda — qadimiy ko‘cha bo‘lib, o‘zining mustamlaka me'morchiligini ajoyib tarzda saqlab qolgan.
La-Krolina botanika bog‘i — Janubiy Amerikaning ekzotik o‘simliklari xazinasi.
Загрузка…















