Ibiza – dunyoga mashhur yoshlar maskani va afsonaviy tungi hayot markazi. Bu yerga dunyoning turli burchaklaridan klub madaniyatining doimiy ishtirokchilari tinmayotgan bayram muhitiga sho'ng'ish uchun kelishadi. 60-yillarda hippi harakati gullab-yashnagan davrda o'zining mashhurligini qozongan orol-kurort bugungi kunga qadar dunyodagi eng jozibali yo'nalishlardan biri bo'lib qolmoqda.
Eng zamonaviy klublar, barlar va diskotekalarning aksariyati orol poytaxti – Ibiza shahrida, aniqrog'i, uning Dal-Vila nomli tarixiy markazida joylashgan bo'lib, u YuNESKOning Butunjahon merosi ob'ektlari ro'yxatiga kiritilgan. Qorong'u tushishi bilan eski shaharning tor ko'chalari minglab chiroqlar bilan yoritiladi va quyosh botishidan to quyosh chiqishigacha ko'ngilochar damlar tinmaydi. Kunduzi bu tuman tashrif buyuruvchilarga avangard san'atining ko'plab galereyalarini ziyorat qilishni taklif qiladi.
Ibiza o'zining hippi uslubidagi mahsulotlar taqdim etiladigan rang-barang bozorlari bilan alohida jozibaga ega. Bu yerda «gul bolalari» davrining beg'am muhitini hanuz his etish mumkin. Orol, shuningdek, hippilar tufayli paydo bo'lgan «ad lib» uslubidagi muqobil moda markazi sifatida tan olingan.
Ibiza jonli tungi hayotidan tashqari, ajoyib plyajlari, jumladan, Ispaniyaning birinchi nudist plyaji – mashhur Las-Salinas bilan ham mashhur. Tarix ixlosmandlari uchun qiziqarli qadimiy obidalar mavjud, chunki orol tarixi qariyb uch ming yildan ortiq davrni o'z ichiga oladi. Bu yerning birinchi egalari miloddan avvalgi VI asrda bu yerda mustamlakaga asos solgan finikiyaliklar bo'lgan.
Joylashuvi: Balear orollari arxipelagida, Ispaniya qirg'oqlaridan 80 kilometr uzoqlikda.
Diqqatga sazovor joylari:
Kastell qasri – orol poytaxti Ibiza shahrining eng baland inshooti. Uning qurilishi VI asrdan XVIII asrgacha davom etgan.
Puch-das-Mulins nekropoli – taxminan 4000 ta Karfagen va Rim davri qabrlarini o'z ichiga olgan ta'sirchan majmua.
Es-Kanar bozori – oroldagi hippi uslubidagi buyumlar sotiladigan eng mashhur yarmarka bo'lib, chorshanba kunlari ishlaydi.
Загрузка…


























