Sharja – Birlashgan Arab Amirliklarining eng qadimiy amirliklaridan birining yorqin poytaxti, marvarididir. U mamlakatning ham sharqiy, ham g'arbiy qismlarida joylashgan bo'lib, shu sababli o'z landshaftining xilma-xilligi bilan hayratga soladi: jozibali tog'lardan tortib, sahroning azamatli va so'lim manzaralarigacha. XIX asrning boshlarida Sharja Fors ko'rfazining quyi qismidagi asosiy dengiz porti sifatida qadrlangan. Biroq, tez orada port loyqaga to'lib qolgan va shahar savdo markazi maqomini yo'qotgan.
Sharja chegaralari deyarli qo'shni Dubay bilan tutashib ketgan, ular orasidagi masofa 13 km. Mutaxassislar yaqin kelajakda ikkala shaharning yagona megapolisga aylanishini bashorat qilmoqdalar.
Sharja – dengiz bo'yidagi kurort shahri bo'lib, o'zining kumushrang plyajlari va Hind okeanining nihoyatda toza suvlari bilan mashhur. Uni arab dunyosining madaniy poytaxti deb ham atashadi, chunki bu yerda 5000 yillik tarixga ega o'tmishni "hikoya qiluvchi" ko'plab arxitektura va tarixiy yodgorliklar joylashgan.
Sharja – "quruq qonun"ga qat'iy rioya etiladigan amirlik.
Maftunkor joylari
Balandligi 7 metr bo'lgan "Qur'on" yodgorlik monumenti – musulmonlarning muqaddas kitobining ochilgan shaklini ifodalaydi. Uch ming kishigacha sig'adigan Qirol Faysal masjidi Yaqin Sharqdagi eng yirik ibodat maskanlaridan biri hisoblanadi. Sharjadagi Tarixiy muzey – shayx buyrug'i bilan sinchkovlik bilan qayta tiklangan butun bir majmua bo'lib, bozor, xonadonlar va qal'a bilan birgalikda tarixiy muhitni jonlantiradi. Islom madaniyati muzeyi ajoyib eksponatlarni saqlaydi: Qur'onning eng qadimgi yozma nusxalaridan ba'zilari, Muhammad payg'ambarning maktublari, Makkadan keltirilgan diniy hadyalar. Xalidy lagunasiga tutashgan mashhur Al-Jazira ko'ngilochar bog'i va attraksionlar. Dengiz ko'rfazidan osmonga urilib chiqayotgan, dunyodagi eng baland yuz metrlik favvora – neft qudug'i timsoli. Al-Yarmuk mavzeidagi Oltin bozor, zamonaviy Sharq me'morchiligining durdonasi deb nomlanadi. Uning tomi ostida zargarlik buyumlari savdosi bilan shug'ullanuvchi mahalliy va g'arb kompaniyalarining vakolatxonalari jamlangan.
Havo harorati
Noyabrdan aprelgacha havo harorati Selsiy bo'yicha +18 dan +30 darajagacha bo'lib, bu dam olish uchun ideal vaqtdir. Qishda va bahor boshida yomg'ir va tropik bo'ronlar bo'lishi mumkin. Maydan sentyabrgacha havo harorati +45 darajagacha ko'tariladi. Yoz oylari uchun yuqori namlik xosdir.
Загрузка…


















