Kranc-Montana kurorti Bern Alp tog`larining qoq markazida, ko`plab billurdek tiniq ko`llar va ulug`vor ignabargli o`rmonlar orasidagi keng, quyoshli platoda joylashgan. Bu yerdan Mont Blanc va Matterhorn kabi mashhur cho`qqilarni o`z ichiga olgan, ko`zni quvontiruvchi tog` manzarasi ochiladi. Buyuk musavvirning asarlaridan tushganidek go`zal bu manzaralar har bir mehmonni o`ziga rom etadi.
Kranc-Montana an’anaviy alp kurortlaridan biroz farq qiladi, odatda bu yerlarda siz shinam tor ko`chalar, tartibli uychalar va osoyishta muhitni kutasiz. Bu shahar zamonaviy va dinamik chang`i megapolisidir, u o`zining xalqaro maqomiga qaramay, Shveytsariya tog` qishloqlarining jozibali go`zalligini saqlab qolgan. Bu yerda dam oluvchilarning aksariyati Shveytsariya aholisining o`zi.
Kranc-Montana tarixi XIX-XX asrlar ostonalarida boshlangan: yuz yildan oshiq vaqt oldin bu yerda birinchi mehmonxona ochilgan va “eng baland tog`li” golf maydoni yaratilgan. 1938-yilda kurort ilk bor nufuzli «European Masters» golf turnirini qabul qilgan bo`lib, shundan beri har yili ushbu sport turining eng yaxshi vakillarini jamlaydi. Bugungi kunda Kranc-Montana haqli ravishda Yevropa golf poytaxtlaridan biri hisoblanadi. Kurortning tog` chang`isi tarixi 1911-yilda Siyer va Kranc-Montanani bog`laydigan funikulyor paydo bo`lishi bilan boshlangan. O`sha yili bu yerda dunyoda birinchi tezlikda tog` chang`isida tushish bo`yicha musobaqalar o`tkazilgan.
Kranc-Montana ikkita go`zal qishloqdan – Kranc va Montanadan iborat bo`lib, ular ko`llar bo`ylab jozibali ko`chalar va sayrgohlar bilan bog`langan. Kurort o`zining ajoyib restoran va barlari bilan faxrlanadi, bu yerda siz quritilgan go`sht, zaʼfaronli guruch va kashtan taomlari kabi nozik alp taomlaridan bahramand bo`lishingiz mumkin. Ko`plab muassasalar ajoyib vino kartalarini taklif etadi, chunki Vale kantoni 5200 gektar maydonga yoyilgan va har yili 50 million litr vino ishlab chiqaradigan uzumzorlari bilan mashhur. Kurortning ikkala qismida, bir-biridan atigi o`n besh daqiqalik piyoda masofada, Louis Vuitton, Hermès, Bally kabi hashamatli butiklar, shuningdek, nufuzli soat va zargarlik do`konlari joylashgan. Shubhasiz, hashamatli xaridlar ixlosmandlari Kranc-Montanadagi qolishlaridan mamnun bo`lishadi. Bu yerda energiyaga to`la diskotekalar elegant bridj-klublar va kazinolar bilan uyg`unlashib ketgan. Yozda kurort nafis jamoatchilik va golf ishqibozlarini o`ziga tortadi, qishda esa faol sport turlari muxlislari uchun diqqat markaziga aylanadi.
Kranc-Montana tog` chang`i hududi eng xilma-xil sport ehtiyojlarini qondirishga qodir. Yangi boshlovchi chang`ichilar Kryu d`Er yonbag`irlariga alohida e’tibor berishadi, bu yerda sakkizta ko`targich xizmat ko`rsatadi. Dinamik chang`i uchishni sevar qor sportchilari uchun 1987-yilgi jahon chempionatining supergigant startlari o`tkazilgan qo`shni «Shettreron Nuar» trassasi unutilmas yorqin taassurotlar bag`ishlaydi. Yaqin atrofda o`rta darajadagi chang`ichilar uchun juda mos bo`lgan bir nechta osoyishta tushish yo`llari ham mavjud. Ayniqsa, 3670 metr uzunlikdagi va maksimal 61 daraja nishabga ega bo`lgan «Piste National» trassasi mashhurdir. Kranc-Montana snoubordchilar uchun ham ajoyib tanlov bo`lib, ularga har xil snouparklar va xalf-payplarni taqdim etadi.
Kurort oilaviy dam olish uchun mukammal mos keladi. 2004-yildan beri Kranc-Montana Shveytsariya Turizm Federatsiyasi tomonidan beriladigan «Families Welcome» unvoniga sazovor bo`lgan, bu unvon kurortning bolalar bilan birinchi darajali dam olish uchun barcha sharoitlarga ega ekanligini tasdiqlaydi. Qishda kichik mehmonlar chang`i, chana, konkida uchish yoki qor poyabzalida sayr qilish uchun keng qorli maydonlardan foydalanishlari mumkin. Ular, shuningdek, ko`ngilochar parkga yoki Miniatyura poyezdlari muzeyiga tashrif buyurishlari mumkin.
Kranc-Montananing yana bir afzalligi – bu uning noyob iqlimi bo`lib, alp va O`rta Yer dengizi xususiyatlarini uyg`unlashtiradi. Eng quyoshli kunlar qishning o`rtalariga va yozning o`rtalariga to`g`ri keladi. Yorqin quyosh nuri, ajoyib qor qatlami va musaffo havo kafolatlangan.
Aeroportlardan masofa
Avtomobilda:
Jeneva – 190 km, 2 soat
Bazel – 278 km, 3 soat
Syurix – 310 km, 3 soat 10 daqiqa
Milan – 220 km, 3 soat
Sion (hududiy aeroport) – 30 km, 40 daqiqa
Poyezdda:
Jeneva – 2 soat 20 daqiqa
Syurix – 2 soat 57 daqiqa
Parij – 5 soat 40 daqiqa
Milan – 3 soat 15 daqiqa
Chang`i mavsumi: dekabr – aprel oxiri
Kurort balandligi 1500 m
Ko`targichning yuqori stantsiyasi 3000 m
Tog` chang`i yo`llarining umumiy uzunligi 160 km
Chang`i uchish zonasi (140 km) o`z ichiga oladi:
17 ta ko`k trassa (55 km, 38%)
20 ta qizil trassa (70 km, 50%)
4 ta qora trassa (15 km, 12%)
Deyarli barcha trassalar janubiy tomonda joylashgan.
Tekis va yugurish chang`i yo`llarining umumiy uzunligi – 38 km
Chana uchish yo`llari soni – 2
Ko`targichlar soni – 28
Загрузка…































































