Phi Phi or Phi Phi Don (Phi Phi Don) oroli Tailandning janubida, Krabi provinsiyasida, Pxuket orolining janubida joylashgan.
Bu orol tabiatining o'zgacha go'zalligi bilan mashhur: oq qumli plyajlar, qad rostlagan palmalar, zumrad toʻlqinlar, osmonning moviy rangi va orolning qirgʻoq boʻylarini oʻrab turgan gʻaroyib shakldagi qoyalar ko'zni quvontiradi.
Orolning barcha mehmonxonalari asosan uning janubiy qismida – Toronsay (Ton Sai) porti atrofidagi tor boʻyin ustida joylashgan. Bu yerda hayot kecha-kunduz jadal davom etadi, koʻplab restoran va barlardan jonli musiqa sadolari yangraydi – bu yorqinlik va quvnoqlikka toʻla haqiqiy dunyoviy kurortdir. Yakka oʻzi boʻlishni istaganlar uchun orolning shimoliy qismida joylashgan mehmonxonalarni tanlash afzalroq, bu yerda mehmonxonalar kamroq boʻlsa-da, lekin ular eng hashamatli va xizmat koʻrsatish sifati yuqoridir.
Janubda joylashgan kichikroq Phi Phi Li oroli, qirgʻoq chizigʻi kuchli eroziyaga uchraganligi sababli, 90% yalangʻoch ohaktosh qoyalardan iborat. Bu orolda odam yashamaydi, lekin suv osti shoʻngʻishi uchun noyob sharoit yaratilgan, hatto ikkita plyaj ham mavjud. Ulardan birida – Maya Bay (Maya Bay) buxtasida Leonardo Di Kaprio ishtirokidagi «Plyaj» filmi suratga olingan.
Orolga ekskursiyalar tashkil etiladi va bu yerda koʻrishga arziydigan joylar koʻp! Vikinglar gʻoriga (Viking Cave) tashrif buyurib, qadimiy tosh yozuvlari va rasmlarini oʻrganish mumkin. Biroq, bu gʻor qadimiy yozuvlari bilan emas, balki «qaldirgʻoch uyalari» bilan mashhur. Qaldirgʻoch uyalari deb, kalxat qushlarining, yaʼni chumchuqlar kichik turkumiga kiruvchi, tashqi koʻrinishi qaldirgʻochlarga oʻxshash (shuning uchun uyalar nomi) qushlarning uyalari aytiladi. «Qaldirgʻoch uyalari» Tailandda delikates sifatida juda qadrlanadi va shoʻrvalar hamda boshqa taomlarni tayyorlashda ishlatiladi. Uyalarni yigʻish katta qiyinchiliklar bilan bogʻliq, chunki kalxatlar ularni baland gʻorlar va togʻlarda shift ostiga oʻrnatadilar. Bu uyalar juda yuqori baholanadi va gʻorning qurollangan soqchilari uyalarni noqonuniy yigʻishga urinishlarning oldini oladi. Bundan tashqari, noqonuniy savdoni oldini olish maqsadida orolda tunash taqiqlanadi.
Koʻpchilik orolning goʻzal buxtalarida akvalang bilan yoki niqob yordamida suzish uchun maxsus Phi Phi Li oroliga kelishadi. Bu joylar yangi boshlovchilar uchun ayniqsa mos keladi: bu yerda juda tiniq, iliq suv va kichik chuqurliklar, shuningdek, favqulodda boy suv osti dunyosi mavjud.
Iqlimi: tropik mussonli. Oktyabrdan martgacha – quruq mavsum, oʻrtacha havo harorati 30-32 C. Apreldan maygacha – juda issiq va nam. Havo harorati 38 C ga yetadi. Iyundan sentyabrgacha – yomgʻirli mavsum, oʻrtacha havo harorati 30 C.
Koʻngilochar mashgʻulotlar:
Orollarining yopiq, sayoz buxtalarida akvalang bilan suzish uchun ajoyib sharoitlar mavjud: suv ostida koʻrinish 10-15 metr, suv oqimlari sust, suv harorati yil davomida 27-30 C atrofida, chuqurlik 10 dan 30 metrgacha, suv osti dunyosi boy. Eng jasur gʻavvoslar uchun akulalar yashaydigan joylarga maxsus suv osti ekskursiyalari tashkil etiladi, bu yerda kichik zebra akulasi mavjud, u juda sekin va umuman, insonlar uchun xavfli emas, lekin agar uni bezovta qilsa, tishlash ehtimoli bor.
Qayiqda orollar boʻylab sayohat qilishdan unutilmas taassurotlar qoladi. Bu orollarning qirgʻoq manzillari oʻz goʻzalligi bilan butun dunyoga mashhur: tik qoyalar, gʻorlar, mangrov chakalakzorlari bilan oʻralgan kichik koʻrfazlar, oppoq plyajlar.
Chuqur dengiz baliq ovlashiga borib, qora marlin, yelkanli baliq, tunets ovlashingiz mumkin, yomgʻirli mavsumda bu yerda qirollik makreli koʻpincha uchraydi.
Orollarda yangi sport turi – qoyaga chiqish faol rivojlanmoqda. Mahalliy qoyaga chiquvchilarni sanʼatiga qoyil qolish uchun, har kuni «qaldirgʻoch uyalari» yigʻiladigan Vikinglar gʻoriga tashrif buyurish kerak.
Загрузка…














